Yangi avlod “Agni Praym” ballistik raketasi sinovi muvaffaqiyatli o‘tdi, deb bayonot berdi Hindiston mudofaa vazirligi. Raketa kecha Odisha shtati sohiliga yaqin Abdul Qalam orolidan uchirilgan. Parvoz radar, quruqlik va dengiz optik-elektron kuzatuv tizimi orqali nazorat qilib turilgan.

Mamlakat mudofaa vaziri Rajnatx Singx harbiylarni raketa sinovi muvaffaqiyatli kechgani bilan tabriklab, “muvaffaqiyatli ishlab chiqarilgan va foydalanishga topshirilgan raketalar Hindiston Qurolli kuchlari salohiyatini oshiradi”, dedi.

Hindistonda “Agni” rusumli raketalarning bir necha turi ishlab chiqarilmoqda. Masalan, “Agni-1” parvoz masofasi 700 kilometrga, “Agni-2” ikki ming, “Agni-3” uch ming va “Agni-5” besh ming kilometrga yetib boradi. Mahalliy OAV yozishicha, hozir 10 000 kilometrgacha ucha oladigan “Agni-6” raketasi yaratilyapti.