Maktablardagi 6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy tanlov o‘tkazilib, g‘oliblar ijod maktablariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi

500

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida hozirgi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamda “Renessans” sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat yuritmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘tgan 2023-yilda Prezident maktablarining 13 tasi (93 foizi) SAT (akademik baholash testi) xalqaro sertifikati imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markazlar sifatida tan olindi.

Prezident maktablari bitiruvchilarining 50 foizi (168 nafari) xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT)  sertifikatlarga ega bo‘ldi. Prezident maktablari bitiruvchilarining 84 foizi (275 nafari) muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Prezident maktablari bitiruvchilari dunyo reytingida TOP–10 talikka kiruvchi “California Institute of Technology”, “Garvard” hamda “Princeton” universitetlarining 100 foizlik grantini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ijod maktablarining 223 nafar bitiruvchisidan 83 foizi (187 nafari) muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

Qayd etilishicha, kelgusida 13 ta hududda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etiladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan integratsiyalashgan tarzda muhandislik yo‘nalishida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, ixtisoslashtirilgan maktablarda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bosqichma bosqich STEM fanlarini to‘liq ingliz tilida o‘qitish tashkil etiladi.

Umumta’lim maktablarining 6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy tanlov o‘tkazilib, tanlov g‘oliblari ijod maktablariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi. Ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida “Ijodiy olimpiada” o‘tkaziladi, ularning ijodiy ishlari “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etiladi.

Ijod maktablari oliy ta’lim muassasalari va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.

“Yosh akademiklar” klubi, STEM fanlari bo‘yicha fan kengashlari, “Bitiruvchilar kengashi” tashkil etiladi hamda har yili “Bitiruvchilar qurultoyi” o‘tkaziladi, “Turon yo‘lbarslari” harbiy sport musobaqalari hamda umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” tanlovi

yo‘lga qo‘yiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA