Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yuzga yaqin fuqaro pensiya hisobiga tushganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib bekor qilingani haqida yozgan.

Holat yuzasidan Pensiya jamg‘armasi quyidagicha ma’lumot berdi:

“Xalq banki tizimida pensiya mablag‘larining yuklanishi jarayonida texnik nosozlik yuzaga kelganligi sababli ba’zi pensionerlarning bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar bekor qilingan holati yuzaga kelgan.

Mazkur holat jami pensiya oluvchilarning 3 foizida kuzatilgan. Hozirda ushbu xatoliklar bartaraf etilib, bekor qilingan pul mablag‘lari bank kartalarga qaytarilmoqda.

Barcha pensiya oluvchilarga, shu jumladan, yuqoridagi muammoga duch kelgan mijozlarga ham pensiya mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5102-sonli qaroriga asosan, o‘zgarishsiz oyning 5-sanasigacha tushirib beriladi”.

Xalq banki matbuot xizmatining xabarida qayd etilishicha, texnik xato tufayli  bank aloqa markaziga qo‘ng‘iroqlar keskin ko‘payib, bog‘lanish qiyinlashgan. Hozirda ushbu xatoliklar bartaraf etilib, pul mablag‘lari bank kartalarga qaytarilmoqda.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA