Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Saudiya Arabistoni Podshohligining “Al-Arabiya” xalqaro yangiliklar nashrida “ACWA POWER” kompaniyasi “Nukus-2” energiya shartnomasini imzolagani yoritildi. Maqolada korxona shamol energiyasi va akkumulyator saqlash loyihasi uchun energiya sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangani ifodalangan.

200 MVt quvvatga ega loyihaning qiymati 985,1 million rial (262,7 million dollar). Shartnoma xususiy va davlat sektori hamda O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari o‘rtasidagi hamkorlik asosida tuzilgan.

Kelishuv sharti qurish, egalik qilish, foydalanish va 25-yillik sheriklik oxirida obyektni topshirishdan iborat. Ta’kidlanishicha, loyihani ishlab chiqish jarayoni davom etyapti. Shu sababli, moliyaviy masalalar yopilishi payti umumiy investitsiya qiymatida o‘zgarish kuzatilishi mumkin. “ACWA POWER”ning moliyaviy ta’siri 2026-yil birinchi yarmidan keyin sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari bilan o‘tgan yil dekabr oyida imzolangan shartnoma asosida 800 megavattlik qayta tiklanadigan energiya manbai va integratsiyalashgan yashil vodorod loyihasi amalga oshiriladi.

Kompaniya mamlakatimizda yashil vodorod loyihasining birinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Yiliga 3000 tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu loyiha ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda yiliga 3000 tonna yashil ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqich yakuniga qadar 2,4 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi orqali yiliga 500 ming tonna yashil ammiak ishlab chiqariladi.

Bu yashil vodorod sohasidagi ikkinchi tashabbus. Birinchisi, “NEOM” va “Air Products” bilan qo‘shma korxona – yashil vodorod zavodi loyihasidir.

Kompaniya respublikamizda 12 ta loyiha portfeliga ega, 11 tasi butunlay qayta tiklanadigan energiyaga asoslangan. O‘zbekiston qiymat bo‘yicha Saudiyadagi mahalliy bozordan keyin, ikkinchi yirik sherik hisoblanadi.

“ACWA POWER” – energiya transformatsiyasi bo‘yicha yetakchi va dunyodagi suvni tuzsizlantirish sohasidagi eng yirik xususiy kompaniya sanaladi.

Muharrama Pirmatova,

Ulug‘bek To‘xtayev (video),

O‘zA