Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 20-martida imzolangan «Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan ushbu sport turida yetakchi hisoblangan mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda Tailandning Pxuket shahrida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan Jahon kubogi tadbirlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, Osiyo Og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov bir qator yetakchi xorijiy davlatlarning sport mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, og‘ir atletika bo‘yicha dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Italiya, Fransiya va Janubiy Koreya davlatlarining milliy federatsiyalari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Professional sportchilarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorij tajribalarini o‘zlashtirish hamda chet ellik malakali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion texnologiyalar va ilmiy-tahliliy yondashuvlarni keng joriy etishni nazarda tutuvchi mazkur hujjatlar og‘ir atletika sport turi rivojini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA