Oq uy NASAga Oyda vaqtni hisoblash uchun yagona standart – muvofiqlashtirilganoy vaqti (LTC) yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu Yerdagi kabi vaqt mintaqasi tizimi emas, balki Oyda vaqtni hisobga olishning o‘ziga xos usuli bo‘ladi.

Gap shundaki, Oyning tortish kuchi Yernikiga nisbatan kuchsiz va Yerning tabiiy yo‘ldoshida vaqt tezroq o‘tadi, ya’ni kuniga 58,7 mikrosekund oldinda. Oradagi bir soniyalik farq 46-47-yilda to‘planadi.

Bir qarashda, ko‘p emas, lekin kosmik parvozni sinxronlashtirish uchun shu farq ham sezilishi mumkin.

Shotlandiya astronomi, professor Royal Ketrin Xeymans VVSga bergan intervyusida shunday dedi:

– Koinotimizdagi tortishishning asosiy nazariyasi oqibati juda muhim. Vaqt fazoning turli joyida turlicha o‘tadi. Oyda tortish kuchi biroz zaif, soat boshqacha ishlaydi.

Ma’lumki, Yer vaqti butun sayyorada joylashgan yuzlab atom soatlari bilan o‘lchanadi. Bu soatlar atomning o‘zgaruvchan energiya holatini aniqlaydi va vaqtni nanosoniya aniqlikda qayd etadi. Agar shunday atom soati Oyga joylashtirilsa, yarim asrdan keyin Yerdagi soatdan bir soniya oldinga o‘tgan bo‘lardi.
– Oyda atom soati Yerdagidan farqli tezlikda ishlaydi, – deya tasdiqladi NASA Kosmik aloqa va navigatsiya xizmati rahbari Kevin Koggins. – Shuning uchun boshqa fazoviy jism, masalan Oy yoki Marsga uchganda o‘ziga xos ma’lumotnoma kerak bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri.

Darvoqe, NASA Oy vaqtini joriy qilmoqchi bo‘lgan yagona tashkilot emas. Yevropa kosmik agentligi ham o‘zining vaqtni hisoblash tizimini ishlab chiqmoqda.
AQSH 2026-yilga kelib, Oyga jo‘natilishi rejalashtirilgan boshqariladigan missiya davomida LTC joriy qilishni istaydi.

“Artemis-3” missiyasi 1972 yilgi “Apollon-17”dan keyin Oy yuzasiga qo‘nadigan ilk mashina bo‘lishi va’da qilinyapti. Kosmonavtlar guruhini Oyning janubiy qutbiga qo‘ndirish rejalashtirilmoqda. O‘sha joyda quyosh nuri hech qachon tushmaydigan kraterlarda muzlagan suvning behisob zaxirasi borligi taxmin qilinmoqda.

Umuman, “Artemis-3” Oyga rejalashtirilgan ko‘plab davlat va xususiy missiyalardan biri. Agar ushbu ekspeditsiyalar o‘rtasida vaqt to‘g‘ri muvofiqlashtirilmasa, zarur ma’lumotni jo‘natish yoki kosmik kema, sun’iy yo‘ldosh va Yer o‘rtasidagi aloqani saqlashda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.

G.Sattorova,
O‘zA