So‘nggi 4 oy davomida mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish, eksport qiluvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, raqobatbardosh eksport mahsulotlari ishlab chiqarishning ko‘paytirilishini rag‘batlantirish yuzasidan Prezidentimiz tomonidan olti marotaba eksportga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishlarni o‘tkazishdan maqsad respublikamizda ishlab chiqarilgan qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarning xorijiy davlatlarga eksporti hajmini oshirishdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish, rivojlangan mamlakatlarga «Made in Uzbekistan» belgisi ostida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksporti hajmini oshirish maqsadida joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasi hududidagi birinchi Savdo uyi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan yuritiladigan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chet elda tashkil etilgan tashkilotlar reestriga QK-A/1096-son bilan kiritildi.
Mazkur Savdo uyi huzurida ko‘rgazma zali sifatida doimiy faoliyat yurituvchi «shou-rum» ochish ham rejalashtirilgan. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning turli mahsulotlari keng assortimenti – oziq-ovqat, meva-sabzavot, to‘qimachilik-tekstil, ipak, kimyo, kulolchilik mahsulotlari hamda zargarlik buyumlari namoyish etiladi.
O‘zA