Bojxona qo‘mitasining kapital qurilish boshqarmasi vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Dovud-ota” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qayta qurish va modernizatsiya qilish ishlaridagi mavjud muammolarni o‘rgandi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-noyabrdagi “Respublikadagi ayrim chegara bojxona postlarining infratuzilmalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-oktyabrdagi “Chegara bojxona postlari infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Dovud-ota” chegara o‘tkazish punktini 2022-2024-yillarda qayta qurish, modernizatsiyalash va kengaytirish ishlarini amalga oshirish topshirig‘i berilgan edi.
Ushbu qarorga asosan, mazkur chegara bojxona postida 2024-yil 1-oktyabrgacha qurilish-montaj ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurilishni amalga oshirishga ruxsat berilgan va obyektning pudratchi tashkiloti etib “Uy-joy qurilish SO” mas’uliyati cheklangan jamiyati belgilangan.
Postga tutash barpo etilayotgan terminal hududiga bojxona postining vaqtincha ko‘chirilib o‘tkazilishida nazorat texnik vositalarining joylashtirilishi tartibi, post orqali harakatlanayotgan fuqarolar va avtotransport vositalari uchun noqulayliklar keltirib chiqarmaslik choralari o‘rganildi. Post qurilishini boshlash oldidan loyihada ko‘rsatilgan ayrim qurilish materiallarining hududning murakkab iqlimiga bardoshli bo‘lishiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Gaz va elektr ta’minotining uzluksiz yetkazib berilishi, yo‘l va yoritish, yo‘l belgilari va svetoforlarning o‘rnatilishi bilan bog‘liq masalalar ham inobatga olinishi aytildi.
Boshqarma binosida post qurilishiga mas’ul idoralarning birinchi rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mavjud muammolar yechimi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, belgilangan muddatlarda qurilish ishlarini sifatli yakunlash choralari kelishib olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri