Xitoy seymologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni Tayvan sharqida joylashgan Xualyan uyezdi sohilida 7,3 magnitudali zilzila ro‘y berdi. Shundan keyin orolda 4 magnitudadan ziyod kuch bilan yana 11 marta silkinish kuzatildi. Zilzila qurbonsiz bo‘lmadi. “Reyter” agentligi orol Yong‘inga qarshi kurash xizmatiga tayanib yozishicha, hodisa natijasida bir kishi halok bo‘lgan, 50 dan ziyod odam jarohat olgan.
Silkinish kuchi kunchiqar mamlakat janubigacha yetgan. Yaponiya meteorologiya agentligi ushbu zilzila kuchi 7,7 magnitudaligini qayd etdi. Keyinchalik 6,6 va 6,3 magnitudali yana ikki tebranish kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan videoroliklarda haqiqatan Tayvanda ayrim binolar zarar ko‘rgani, bir tomonga egilib, qisman vayron bo‘lgani aks etgan.
Yer silkingandan keyin Yaponiyaning Okinava, Miyako va Yaeyama orollarida dovul xavfi e’lon qilindi. Mutaxassislar oqim to‘lqini balandligi 3 metrga yetishi mumkin, deya taxmin qilmoqda.
Tayvanning bir necha tumanida internet uzildi, deya xabar tarqatdi “NetBlocks” monitoring xizmati. Mahalliy “Sanli” telekanali “Taipower” elektr kompaniyasi ma’lumotiga tayanib 87 ming uy xo‘jaligi elektr ta’minotidan mosuvo bo‘lganini e’lon qildi.
Markaziy axborot agentligi orol seysmologlari farazi asosida yaqin 3-4 kun 6,5-7 magnitudali zilzila qaytalanishi mumkinligini yozdi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bayonot berib, agar Tayvan ma’muriyati murojaat qilsa, kunchiqar mamlakat orolga yordam beradi, dedi.
Xitoy tabiiy zaxiralar vazirligi zilziladan keyingi xavf darajasini eng yuqori, ya’ni qizil belgigacha ko‘tardi.
Zilzila o‘chog‘i hududidan dovul ko‘tarilib, bir necha tumanlar, xususan ma’muriy markaz Taybey hamda Pindun, Taydun, Xualyan uyezdlariga “fojiali oqibat” keltirib chiqarishi mumkinligi aytilyapti.
Umuman, Xualyan uyezdida yer osti silkinishi orolning boshqa hududlariga nisbatan ko‘proq sodir bo‘ladi. Masalan, 2018-yil fevralda 6,5 mignitudali zilzila jiddiy vayronagarchilik olib kelgan. O‘shanda 16 nafar inson ofat qurboniga aylanib, 285 kishi jarohat olgan.
S.Rahimov, O‘zA