Yer yuzidagi eng keksa erkak – venesuelalik Xuan Visente Peres Mora 115 yoshga to‘lishiga oz qolganda vafot etdi. Bu haqda Prezident Nikolas Maduro ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan.

– Xuan Visente Peres Mora 114 yoshida foniy dunyoni tark etdi, – deydi Maduro. – El-Kobre shahri Tachira shtatida tug‘ilgan bu inson sayyoramizdagi eng keksa erkak sifatida Venesuelaga Ginnes rekordini taqdim qilgan edi. Shuningdek, mamlakat yetakchisi Peres Morining 11 farzandi, 41 nabirasi, 18 chevarasi va 12 evarasidan iborat katta oilaga hamdardlik izhor etdi.

“Nacional” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, marhum tirik bo‘lganda may oyi oxirida 115 yoshga to‘lardi.

Ginnes rekordlari kitobi uni 2022-yil 4-fevralda dunyodagi eng keksa erkak sifatida tan olgan. O‘shanda u 112 yosh edi.

Oiladagi 10 farzandning to‘qqizinchisi – Xuan butun umri davomida qishloq xo‘jaligida mashg‘ul bo‘ldi. So‘nggi kunlari uning sog‘lig‘ini tibbiy guruh nazorat qilib turdi, biroq nafas yo‘liga tushgan infeksiya bemorning ahvolini og‘irlashtirdi.

Hozir yer yuzining eng keksa fuqarosi ispaniyalik Mariya Branyas Morera hisoblanadi. U yaqinda 117 yoshga to‘ldi. Barcha davrlarning eng keksa odami, fransuz ayoli Janna Kalman esa 122-yil 164 kun yashagan.

Aziza Alimova, O‘zA