Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabini ko‘zdan kechirdi.

Maktab o‘tgan yili respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan. 250 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Joriy o‘quv yilida 1-sinfga 145 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilingan.

Bu yerda yoshlar 12 yo‘nalish bo‘yicha maktabdan tashqari ta’lim oladi. O‘quvchilar ijodiy imtihonlar asosida saralab olinadi.

Ellikka yaqin o‘quv va kompyuter xonalari, tadbirlar zalida shinam sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 5 ming 500 dan ortiq o‘quv adabiyoti va notalar jamlangan.

Prezidentimiz san’at ma’naviy boy avlodni tarbiyalashga xizmat qilishini, bunga mehrni bolalikdan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda umumiy ta’lim tizimi bilan musiqa ta’limi dasturlarini uyg‘unlashtirish muhimligi aytildi. San’at maktablari bilan oliygohlar, teatrlar va boshqa madaniyat muassasalarining hamkorligi tizimini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakatimizda barcha maktablar cholg‘u asboblari bilan ta’minlanib, yoshlarning qiziqish va iste’dodi rivojlantirilmoqda. Bu an’anaviy san’at yo‘nalishlari bilan birga maqom, baxshichilik va mumtoz musiqa qadriyatlarimizni davom ettirishga xizmat qiladi.