Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Soliq kodeksining 227−1-moddasiga tadbirkorlar tomonidan «qotil» deb nom olgan o‘zgartirishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qildi.

227−1-modda soliq kodeksiga 2022-yil mart oyida kiritilgan va amalga oshirilgan so‘nggi hisobot choragi uchun sof daromad miqdorida jarima nazarda tutilgan. Unda fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish bo‘yicha chora belgilangan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jazolar mutanosibligi prinsipi aks ettirilganini tan olib, deputatlar jarimani 98 foizga yoki 50 baravarga kamaytirishni ma’qulladi — endi bu sof daromadning 100 foizidan 2 foizigacha bo‘ladi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi «soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni yanada erkinlashtirish, soliq huquqbuzarliklari uchun javobgarlik choralarini adolat tamoyili asosida belgilash, qoidabuzarliklarning oldini olish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga» xizmat qiladi.

Endi qonun Senat tomonidan tasdiqlanishi va Prezident tomonidan imzolanishi kerak.

M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA