2023-yilning boshida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ta’lim olayotgan talabalar uchun san’atimizning chin ma’nodagi fidoiysi, O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya ta’sis etilgan edi.

Institutning 2-kursini tugatgan bakalavriat hamda 1-kursni tugatgan magistratura bosqichi talabalariga berilishi ko‘zda tutilgan mazkur stipendiya institut ilmiy kengashining xulosasiga ko‘ra, «Vokal san’ati: (an’anaviy xonandalik)» mutaxassisligi magistrantlari Feruza Abdukarimova hamda Nargiza Bekboyevaga topshirildi.

– Talaba qizlarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz, – dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Munosiblik e’tirofi muborak va bardavom bo‘lsin!

Darhaqiqat, O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Munojat Yo‘lchiyeva nomi bilan yuritiluvchi stipendiya sohibi bo‘lish yosh xonandalardan katta mahorat, yuksak mas’uliyat talab etadi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA