Xabar berganimizdek, shu kunlarda Tailandning Pxuket shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon kubogi musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Kecha jahon kubogining ikkinchi kungi musobaqsida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigora Abdullayeva -55 kilogramm vaznda supaga chiqdi.

Shiddatli va o‘ziga xos kurashlar ositida o‘tgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Abdullayeva dast ko‘tarishda 83 kg, siltab ko‘tarishda 105 kg, ikki kurashda 188 kilogramm natija qayd etib, jahon kubogini beshinchi o‘rinda yakunladi.

Joriy yilning 11-apreliga qadar davom etadigan jahon kubogiining navbatdagi bahsida mamlakatimiz og‘ir atletikachilaridan -73 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Doston Yoqubov va Muhammadqodir Toshtemirov ertaga 4-apreldan bahslarga kirishadi.

Shuningdek, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari reyting ochoklari o‘ynaladigan nufuzli musobaqada yurtimiz og‘ir atletikachilaridan Rigina Adashboyeva (-81) va Nigora Suvonova(-87) 9-aprelda, Sarvar Zafarjonov(-89) 6-aprelda, Akbar Jo‘rayev(-109), Sharofiddin Amriddinov(-109) va Tursunoy Jabborova(+87) 10-aprelda o‘tadigan musobaqalarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.

Aytish lozim, Fransiya poytaxtida o‘tadigan Olimpiadada dunyoning 120 nafar og‘ir atletikachisi to‘rt yillik o‘yinlarining medallari uchun kurash olib borishi belgilangan. Bu, Parij-2024 reytingidan joy olish sportchilar uchun qanchalik mashaqqat ekanligini, har bir vazndagi kurashlar haddan tashqari murosasiz bo‘lishini anglatmoqda.

Raqamlarga e’tibor bersak, Tokio olimpiadasida 196 nafar og‘ir atletikachi qatnashgan bo‘lsa, London-2012 va Rio-2016 o‘yinlarida og‘ir atletika uchun 260 ta o‘rin ajratilgandi. O‘tgan ikki olimpiadadan “Parij-2024” ga kelib, og‘ir atletikachilar 140 nafarga qisqarganligi Olimpiada medallari uchun kurashdan avval, uning ishtirokchisi bo‘lish uchun kurashlar g‘oyatda keskin bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Musobaqalarda 110 ta davlatning 466 ta og‘ir atletikachilari ishtirok etmoqda.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA