Buyuk Britaniya va AQSH sun’iy intellekt texnologiyalari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka oid bitim imzoladi. Mazkur kelishuv dunyo miqyosida ayni mazmundagi ilk hujjat, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
2023-yil oktyabrda Bosh vazir Rishi Sunak Buyuk Britaniyada sun’iy intellekt xavfsizligi bilan bog‘liq masalani o‘rganadigan yer yuzidagi birinchi institut tashkil etilishi haqida bayonot bergan edi. Keyinroq AQSH ham xuddi shunday ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etishini e’lon qildi.
– AQSH va Buyuk Britaniya birinchi bo‘lib sun’iy intellekt modellariga ta’sir etadigan tahdidni baholash bo‘yicha rasman hamkorlik o‘rnatdi, – deyilgan maqolada.
Hujjatni Vashingtonda Britaniya fan, innovatsiya va texnologiyalar vaziri Mishel Donelan va AQSH savdo vaziri Jina Raymondo imzoladi. Kelishuv ikki tomon institutiga orttirilgan tajribani almashish, bir-biriga xodim jo‘natish imkonini beradi. Muassasalar “Google” va “OpenAI” kabi kompaniyalar tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt modellarini mustaqil ravishda baholash ustida ham birga ish olib boradi.