Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.Krasnov taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev boshchiligidagi prokuratura organlari delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida ikki davlat nazorat organlari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya prokuratura organlari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy hamkorlik masalalari, shuningdek, aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka, jumladan, terrorizmga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zaruratini ta’kidlab o‘tdi.

Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturalari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi.

Uchrashuv ishchan va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA