Bugun poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida qator sanoat ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.

Mazkur «Metallurgiya va metallarga ishlov berish. Dastgohsozlik, Mashinasozlik. Payvandlash», «Transport, logistika, maxsus texnika, avtomobilsozlik», «Tog‘-kon sanoati uchun texnologiyalar va uskunalar», “Xavfsizlik texnologiyalari, yong‘indan himoya qilish, IT-xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish», «Kimyo. Plastmassa. Laboratoriya va tahlil» xalqaro ko‘rgazmalarida dunyoning 18 mamlakatidan 171 kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, «International Expo Group» ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirlar sanoatning deyarli barcha sohalarini qamrab olib, u tog‘-kon sanoati, metallga ishlov berish, kimyo, xavfsizlik, transport kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqaruvchilarni o‘zaro muloqotga undamoqda. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Avstriya, Ozarbayjon, Belarus, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Qatar, Xitoy, Latviya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardan qatnashayotgan ishbilarmonlar nafaqat o‘z imkoniyatini tanitishga, balki ular uchun bu maydon hamkorlar topishga qulay fursat yaratdi.

Toshkentdagi «SovPlim» aksiyadorlik jamiyati vakillari ham ushbu tadbir ishtirokchilaridan. Ushbu korxonaning marketing bo‘limi rahbari Kamola Akramovaning qayd etishicha, bu kabi ekspozitsiya ishlab chiqarish ravnaqida muhim ahamiyat kasb etib, xaridorlar izlash, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishda katta foyda keltiradi.

– «SovPlim» korxonasida barcha yengil va og‘ir sanoat tarmoqlari uchun filtr va ventilyatsiya uskunalari ishlab chiqariladi. U yuqori issiq haroratga bardosh beradigan shlanglarni ishlab chiqarishda ham yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, biz ekologik xarajatlarning iqtisodiy samaradorligini hisoblash, sanoat havosini tozalash tizimlari, aspiratsiya tizimlari va ishlab chiqarishdagi har qanday murakkablikdagi chang va tutundan tozalash tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish va ishga tushirish bo‘yicha faoliyatimizni olib boramiz. Bu atmosferaga zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda texnologik jarayonlarni optimallashtirish va modernizatsiya qilishga yordam berish deganidir, – dedi K.Akramova.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu sanoat ko‘rgazmalari 5-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydi.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA