Ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik rivoji yo‘lida

294

TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kecha O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan uchrashdi. Ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilingan muloqot chog‘ida ishbilarmon doiralar o‘rtasida yaqin aloqa o‘rnatish, ta’lim almashinuvi, mintaqaviy rivojlanish ko‘lamini yanada kengaytirishv yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu kuni O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Qirg‘iz Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor Elchisi Musa Jamanbayevni ham qabul qildi. Tomonlar o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatining joriy holatini mamnuniyat bilan qayd etdilar. 2023-yil ikki tomonlama kun tartibi mazmunan ancha boyigani ta’kidlanib, 2024-yil munosabatlarimiz yanada ravnaq topishiga ishonch bildirildi.

B.Saidov Kipr Respublikasi tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida hukumatlar o‘rtasidagi barqaror va tobora rivojlanib borayotgan aloqa o‘zaro qadrlanishi qayd etildi. Ikki tomonlama va Yevropa Ittifoqi doirasidagi sheriklikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

M.Pirmatova,

O‘zA