O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Beruniy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudi raisi R.Kamalova va boshqalar korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘ida o‘tgan yilga nisbatan kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.Tahlillarga ko‘ra, 2023-yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 ming 128 tani tashkil qilib, 2022-yilga nisbatan 479 taga yoki 11 foizga kamaygan.
Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish – 2 ming 67 ta, pora berish – 894 ta, firibgarlik – 769 ta, pora olish – 121 ta va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish – 125 tani tashkil etadi.
Xalqimizda kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish afzal degan naql bor. Zero korrupsiya keltirib chiqaradigan oqibatlarini kutib turmasdan bu illatga oid jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularga chek qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Shu boisdan ham tadbirda bu illatga birgalikda kurashish, soha va tarmoqlarda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni o‘rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish muhim ahamiyat kasb etishi tushuntirildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri