Vazirlar Mahkamasining “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Vazirlar Mahkamasining “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qaroriga “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash instrumentlarini kengaytirish va ulardan foydalanish shartlarini yanada soddalashtirishni nazarda tutuvchi quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
1. “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish to‘g‘risidagi nizomda:
a) 9-bandda:
birinchi xatboshidagi “uch kun muddatda” so‘zlari “uch ish kunida” so‘zlari bilan almashtiriladi;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“Baholash guruhining har bir a’zosi loyihalarni tanlab olish va toifalarga ajratish masalalarida uch ish kunida o‘z fikr va mulohazalarini berishi shart. Guruh a’zosi ushbu muddat davomida munosabat bildirmagan taqdirda, u tomonidan ijobiy xulosa berilgan deb hisoblanadi”;
b) 13-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan jismoniy shaxslar moliyaviy instrumentlardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritganda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim”;
v) 15-bandda:
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“500,0 mln so‘mgacha kredit”;
to‘rtinchi-to‘qqizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi-o‘ninchi xatboshilar deb hisoblanadi;
g) quyidagi mazmundagi 15’-band bilan to‘ldiriladi:
“151. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlarning 50 foiz qismi ularning bank kartasiga o‘tkazib berilishi mumkin”.
O‘zA