O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan Taxtako‘pir tumaniga press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab tumandagi “Good Salt Production” mas’uliyati cheklangan jamiyat korxonasida bo‘ldi.

Mazkur korxona 2020-yilning may oyidan boshlab osh tuzini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi. Bugungi kunda 25 nafar xodim mehnat qilayotgan jamoada yiliga 10 ming tonna osh tuzi ishlab chiqarilib, mahalliy bozorlarni ta’minlab kelmoqda. 2022-yilning iyul oyida Germaniyaning “Monolith Mitte GmbH” kompaniyasi bilan 1 million yevrolik shartnoma imzolanib, bugungi kungacha 131 ming AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi. Mahsulot uchun zarur xomashyo tuman hududidagi tuz konlaridan keltiriladi.

Kelgusida korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish maqsadida 16,5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit hisobidan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelish, eksportni ko‘paytirish va qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

“SHALAN-SAY” xususiy korxonasi 2017-yildan buyon “Qo‘ng‘irotko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 2,4 gektar maydondagi ko‘lda baliqchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. “Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Maqsad Shalabayev 1,5 sotix yerda issiqxona barpo etib, turli mahsulotlar yetishtiradi. Qish oylarida rediska yetishtirgan bo‘lsa, bugungi kunda pomidor va bodring ekib, oila a’zolari bilan parvarish qilmoqda. Shu bilan birga baliqchilik, chorvachilik hamda parrandachilik sohalari bilan ham shug‘ullanadi.

Ishtirokchilar tumandagi “SHUKHRAT STYLE” oilaviy korxonasida ham bo‘ldi. “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan korxonada zamonaviy texnologiyalar yordamida mebel mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu yerda yaqin kunlarda Xitoy Xalq Respublikasidan yangi uskunalar keltirilib, yumshoq mebellar hamda MDF eshiklar ishlab chiqariladi va qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Press-tur yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tumanda chorvachilik hamda dehqonchilik drayver soha bo‘lib, joriy yilning 1-mart holatiga 211 ta fermer xo‘jaligi, 567 ta kichik, o‘rta va yirik korxona, 303 ta xususiy tadbirkor faoliyat olib bormoqda.

Tumandagi 13 ta tadbirkorlik subyektiga 800 million so‘mlik kredit ajratilishi uchun Palata biznes-reja tayyorlashda yordam ko‘rsatdi. Tadbirkorlarning muammolarini aniqlash va bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida oyiga ikki marotaba “Tadbirkorlar kuni” tadbiri o‘tkazilib kelinmoqda.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari