Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchilardan bo‘lib Beruniy tumanidagi “Reimbay Yuldashev” fermer xo‘jaligida chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda tumanlar hokimlari, sohaga mas’ul tashkilotlar, paxta klasterlari korxonalari rahbarlari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A. Orinbayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda sohaga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Chigit ekishning sifatli usullari, dehqon fermerlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib, ularning ishlariga omad tiladi.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga alohida e’tibori natijasida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, joriy yilning 9-fevral kuni qabul qilingan “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi imkoniyatlar va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Shunday imkoniyatlar natijasida joriy yilning o‘zida respublikaga qishloq xo‘jaligi uchun o‘ta zarur texnika hamda agregatlar olib kelindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ekish mavsumini qisqa muddatda sifatli o‘tkazish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi. Nuroniylarning duosi bilan dastlabki maydonlarga chigit qadaldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.