Hozirgi kunda mamlakatimizda moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga qaratiladigan e’tibor oshib bormoqda. Bu o‘z navbatida, iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim omili hisoblangan fuqarolarning hayot sifati va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
“Ishga marhamat” mono-markazida O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Nukus shahridagi “Ishga marhamat” mono-markazida ta’lim olayotgan, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar uchun seminar-trening tashkil qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh boshqarmasi, “Milliy bank”, “Mikrokreditbank” mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, banklar tomonidan jismoniy shaxslar uchun berilayotgan kreditlar, uning turlari va shartlari, kerakli hujjatlar, “Yoshlar 1+1: moliyaviy savodxonlik” loyihasi doirasida tushunchalar berdi. Shuningdek, byudjetlashtirish, tejash, investitsiya kiritish, kredit va qarz kabi masalalar muhokama qilindi.
– “Biznesga qadam” yangi bank kartasi – bu o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 5 million so‘mgacha imtiyozli mikroqarz olish imkoniyati beradi, – deydi tadbir ishtirokchisi Mehribon Jaqsibayeva. – Jismoniy shaxslar uchun beriladigan ushbu kredit turi fuqarolar uchun haqiqiy imkoniyat hisoblanadi.
Seminar ishtirokchilarning fikr-mulohazalari hamda savol-javoblari bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri