Xalqaro shaxmat federatsiyasi ortda qolgan mart oyi yakunlariga koʻra, turli yoʻnalishlar va yosh toifalari boʻyicha dunyoning eng kuchli shaxmatchilarining yangilangan reytinglarini eʼlon qildi.
Quvonarlisi, Oʻzbekistonning bir qator mahoratli shaxmatchilari FIDE ning mazkur yangilangan reyting koʻrsatkichlaridan joy oldi.
FIDE ning aprel oyi holatidagi yangilangan eng kuchli shaxmatchilarning TOP-100 lik reytingini Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura boshqarayotgan boʻlsa, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 4-oʻrinda qayd etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston shaxmat maktabi vakillaridan Rustam Qosimjonov 48, Javohir Sindorov 50, Nodirbek Yoqubboyev 69-pogʻonalardan joy olishdi.
FIDE eʼlon qilgan 20 yoshgacha boʻlgan eng kuchli shaxmatchilar yuzligini Nodirbek Abdusattorov boshqarayotgan boʻlsa, Javohir Sindorov 6, Muhiddin Madaminov 46-oʻrinda koʻrinish berdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ayollar shaxmatiga alohida eʼtibor berilayotganligi natijasida yurtimizning ikki nafar mahoratli shaxmatchi qizi – Afroʻza Hamdamova va Umida Omonova xalqaro reyting koʻrsatkichlarida yaxshi oʻrinlarni band qilishmoqda.
20 yoshgacha boʻlgan shaxmatchi qizlarning kuchli yuzligida Afroʻza Hamdamovaning 17-oʻrindan joy olishi, ayollar oʻrtasidagi blis va rapid yoʻnalishidagi kuchlilar roʻyxatida Afroʻza Hamdamova va Umida Omonovaning nomlari keltirilganligi yurtimizda mahoratli shaxmatchi qizlarning yangi avlodi yetishib kelayotganligini koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, FIDE eʼlon qilgan turli reytinglardan mamlakatimiz aql gimnastikachilaridan Muhammadzohid Suyarov, Shamsiddin Vohidov, Olmos Rahmatullayev, Humoyun Bekmurodov oʻrin egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA