Bugun, 29-mart kuni Toshkent shahrida «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni doirasida endilikda jamoat transporti, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari barcha avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan ushbu loyiha poytaxtimizda har oyning bir ish kuni davomida amalga oshiriladi.

Prezidentimiz keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning avtomobillar chiqindi gazlarining ekologiyaga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadiga xizmat qiladigan ayni taklifini astoydil ma’qullagani bejiz emas. Chunki bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda.

Ekologik tahdidlar bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Davlatlar oldiga BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga bolalarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berish talabi ham qo‘yilgan.

Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezilmoqda. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Binobarin, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Mamlakatimiz 2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan.

Iqlim bo‘yicha ilk global bitim hisoblanuvchi 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Shuningdek, O‘zbekiston Bolalar, yoshlar hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilgan. Bu muhim qadam mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisidir.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlariga daxldor bir qancha yangi tashabbuslarni ilgari surganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni vaqtda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalardagi ushbu tashabbuslar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.

Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Jahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq ishlar davom ettirilmoqda.

Davlatimiz va jamiyatimiz ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur, deb hisoblaydi.

Shu bois Prezidentimizning bu boradagi izchil siyosati asosida: birinchidan, jamiyatimizda, ayniqsa, mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish; ikkinchidan, ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish; uchinchidan, suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirish; to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni qat’iy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xo‘jaliklarini haqiqiy yer egasiga aylantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Yanada muhimi, ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yilda «Ekologiya huquqi himoyachisi» nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.

Xulosa o‘rnida yana «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi mavzusiga qaytamiz. Shu vaqtga qadar dunyoning 2 mingdan ziyod yirik shaharlarida ommalashgan mazkur tashabbus barcha davlat tashkilotlari qatori Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Milliy markaz rahbariyati va xodimlari davlat transporti xizmatidan va shaxsiy avtomobillar imkoniyatidan voz kechgan holda, ishga kelib-ketishda jamoat transportidan foydalanmoqda. Hamkasblarimiz orasida velosiped haydab va hatto yayov ishga kelganlar ham bor. Bu, o‘z navbatida, jamoamizda sog‘lom turmush tarziga e’tibor to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan ham dalolatdir.

 

G‘ulom Mirzo