Adliya vaziri Akbar Toshqulov BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Joffri Ijumba bilan uchrashdi.

A.Toshqulov mehmonlarga mamlakatimizda bola huquqlari va  qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga  oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida gapirib berdi.

Globallashuv davrida irodasi baquvvat, mustaqil dunyoqarashga ega, sog‘lom hamda har taraflama barkamol avlodni shakllantirish masalalari davlat rahbarining doimiy  e’tiborida ekanligi va bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tan olingan standartlar milliy qonunchilikka joriy qilinayotgani haqida ma’lum qilindi.

J.Ijumba ushbu yo‘nalishda o‘tkazilayotgan islohotlarni ijobiy baholashini aytib o‘tdi. YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasining Adliya vazirligining kelgusidagi faoliyatida, xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda o‘z mandati doirasida yaqindan texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv davomida Adliya vazirligi va YUNISEF o‘rtasidagi ijobiy hamkorlikni inobatga olib hamda kelgusida ushbu  aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tomonlar 2024 – 2025-yillarga mo‘ljallangan ish rejasini imzoladi.

Mazkur hujjatda bolalarning odil sudlovdan foydalanish  strategiyasi va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, bolalar va yoshlarni zamonaviy axborot texnologiyalarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrash, ularning huquqiy ongi va  madaniyatini oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlarni o‘tkazish nazarda tutilgan.

Tomonlar ushbu tadbirlarning samarali amalga oshirilishi kelgusida bolalar va yoshlarning huquqiy bilimlari oshishi, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, intellektual salohiyatini oshirish va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA