Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, bojxona organlari tomonidan bojxona to‘lovlaridan qo‘llanilgan imtiyozlar bo‘yicha korxonabay o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-avgustdagi “Avtomobil transportida yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi

qarori asosida ayrim turdagi transport vositalarini import qilishda ularga bojxona boji, utilizatsiya yig‘imi va avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun avtotransport yig‘imlarining nol stavkalari qo‘llanilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, monitoring jarayonida Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan korxonaga import qilingan yoqilg‘i tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomashinasining umumiy og‘irligi 18 tonna bo‘lishiga qaramasdan, imtiyozdan foydalanish maqsadida yo‘l yuk hujjatlarida 20 tonnadan ortiq yoqilg‘i tashuvchi transport vositasi sifatida noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlandi.

Natijada, ushbu transport vositasiga qo‘llanilgan bojxona imtiyozlari bekor qilinib, 794 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyati tiklandi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA