Turkiyaning Antaliya shahri tatamisida jahon va Olimpiya chempionlari ishtirokidagi shiddatli bellashuvlar boshlandi. Ular orasida mamlakatimizning mahoratli dzyudochilari ham bor.
93 ta mamlakatning 630 nafarga yaqin mahoratli sportchilari ishtirok etayotgan nufuzli musobaqa jahon chempionati va “Parij-2024” Olimpiadasi ostonasida o‘tayotgani sportchilar, mutaxassislar, dzyudoning dunyodagi mavqei uchun muhim sanaladi. Bu galgi bas’hlarda jahon va Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari Bobonov, aka-singil Abe, Riner, Stamp, Nagase, Deguchi, Takaichi, Vagner kabi kuchlilarning borligi Antaliya turniri har qachongidan ham murosasiz o‘tishini anglatmoqda.
Bugun, 29-mart kuni musobaqaning ilk kunida yengil vazn toifasidagi dzyudochilar o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Erkaklar 60 va 66 kilogrammda, ayollar bo‘lsa 48, 52, 57 kilogramm og‘irlikda kurash olib borishadi.
Antaliya tatamisida kechadigan bellashuvlarda kichik jarohat sababli Diyora Keldiyorova, Muzaffarbek To‘raboyev va Alisher Yusupov qatnasholmayapti. Ularning vaznlarida Sita Qadamboyeva, Ernazar Sarsenbayev va Shohruxxon Baxtiyorov yurtimiz sharafini himoya qiladi. Bu esa nufuzli musobaqada mahoratlarini namoyish etish uchun katta imkoniyat eshiklari ochilayotganidan dalolat deyish mumkin.
Bugun o‘tkaziladigan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Doston Ro‘ziyev, Dilshod Baratov, Muhriddin Tilovov, Sardor Nurillayev, Sita Qadamboyeva, Gulhayo Jo‘rayeva va Shukurjon Aminova ishtirok etishadi.
Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat bo‘lgan mazkur xalqaro musobaqa 31-martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA