O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJning ochiqlik siyosati, bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar tahlili mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ma’lumki, fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida hukumatimiz tomonidan bir necha normalar tatbiq etilgan.

Belgilangan normalarga asosan, 2022-yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida baholangan edi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, aksiyadorlik jamiyati va uning tizim tashkilotlari ochiqlik faoliyati darajasini oshirish, hisobot va ma’lumotlar bazasini shakllantirib borish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda 2023 yilgi baholashda ijobiy natijalarni qayd etish maqsadida boshqaruv raisining tegishli buyrug‘i chiqarilgan. Mazkur buyruq hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish bo‘yicha qarorlar, qonunchilik hujjatlari asosida “O‘zsuvta’minot” AJning “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limidagi ma’lumotlar qayta kiritilgan.

– Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga doir ochiq ma’lumotlar talab darajasida resurslarga, ya’ni ochiq ma’lumotlar portali va aksiyadorlik jamiyati rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. Xurshid Rahmatullayev. – Jumladan, ochiqlik portalimizda (https://data.egov.uz/organizat…) rahbariyatning qabul kunlari va aloqa ma’lumotlari, tashkilot va aloqa kanallari haqida,  tashkilotning quyi bo‘g‘inlari, filiallari va hududiy bo‘linmalari, mavjud vakant ish joylari, davlat xaridlari to‘g‘risida ma’lumotlar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari, tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi bilan bir qatorda, uning ijrosi va boshqa shu kabi 10 ta to‘plamdan iborat ma’lumotlar belgilangan muddatlarda joylashtirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda mazkur ma’lumotlar va aksiyadorlik jamiyatiga oid bir yillik umumiy hisobotlar, davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar, tasdiqlangan ish rejalar, sohaga oid qabul qilingan yoki o‘z kuchini yo‘qotgan hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ichki-idoraviy hujjatlar va o‘tkazilgan hamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tenderlar haqidagi ochiq ma’lumotlar rasmiy veb-saytga joylashtirilib borilmoqda. Tashkilot faoliyatining ochiq va shaffofligini ta’minlash va belgilangan normalar asosida e’lon qilib borish yuzasidan kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Nilufar Bozorova,

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA muxbirlari