Avtomobil transporti atmosfera ifloslanishining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Zararni kamaytirish, tabiat sofligini asrash, shuningdek, insonlar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida dunyoda 1995-yildan buyon har yili “Avtomobilsiz kun” tadbirlari o‘tkazib kelinadi.

O‘zbekistonda ham Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yildan e’tiboran “Avtomobilsiz kun” tashkil etib kelinmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 5 millionga yaqin avtomobil mavjud. Respublika miqyosda atmosferaga chiqayotgan zararli chiqindilarning 60 foizi va Toshkentda 88 foizi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi atrof-muhitni ana shunday avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilikni faol e’tibor berishga chorlaydi. Shu maqsadda vazirlik tomonidan 2024-yilning 29-mart kuni Toshkent shahrida “Avtomobilsiz kun” tadbirlarini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

“Avtomobilsiz kun” tadbirida  binolari Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatib borishi lozim.

Bu ezgu tashabbusni O‘zA-O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ham qo‘llab-quvvatlaydi hamda agentlik rahbariyati va barcha xodimlari “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasida faol ishtirok etadi.

O‘zA