Moskva viloyatida yuz bergan qonli hujumdan keyin olti kun o‘tgan bo‘lsa-da, mash’um bino oldiga odamlar gul, yumshoq o‘yinchoqlar olib kelishda davom etyapti. Ma’lumotga ko‘ra, “Krokus”ga hujum qilishda ayblanganlar narkotik va psixotrop moddalar ta’sirida bo‘lgan. Bu haqda “TASS”ga huquq-tartibot idoralari ma’lum qilgan. Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 27-mart 20:00 holatiga ko‘ra, 143 kishi vafot etganini aytdi. Prezident matbuot xizmati fojiadan keyingi dastlabki kunlarda Putin voqea sodir bo‘lgan joyga nima uchun bormaganini tushuntirdi. Aytilishicha, birinchidan tashrif rejada bo‘lmagan, ikkinchidan bu shtab ishiga xalaqit berardi. Shuningdek, agar Prezident va halok bo‘lganlar oilalari o‘rtasida biror aloqa zarur bo‘lsa, Kreml xabar berishi qo‘shimcha qilingan.
Terakt bo‘yicha ayblanuvchi Alisher Qosimov Moskvada bir necha kafega egalik qilgan. Hozir uning “Chayxona” kafesi muhrlangan, muassasa nomi yozuvi olib tashlangan.
Tojikistonning boshqa bir fuqarosi terror harakatini oqlab izoh yozgani uchun 7-yilga qamalishi mumkin. Unga nisbatan ochilgan “terror harakatiga chorlash” ayblov ishi sudga oshirildi. Hodisada ayblanayotgan boshqa kimsalarning oila a’zolari ustidan olib borilayotgan tergov bir necha kundan beri davom etyapti.
RF yetakchisi matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida terakt haqidagi rasmiy xulosa hali aytilmagani, biroq kutilayotganii aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus xizmatlar jinoyatning aniq bir versiyasini hal qilish ustida ishlamoqda.
“RIA Novosti” hujum uyushtirganlar ISHIDga tegishli guruhning Afg‘onistondagi tarfdorlari Telegram kanali orqali yollanganini yozdi.
Ma’lum qilinishcha, “Krokus” ma’muriyati kuzatuv kameralaridagi barcha tasvirlarni tergovga topshirgan. Shu orqali ba’zi savollarga javob topilishi mumkin.
Migrantlar uchun cheklov
Rossiya Mehnat va aholini muhofaza qilish vazirligi “Rossiyada ishlash” davlat kompaniyasini mehnat muhojirlarini ishga yollash operatoriga aylantirish taklifini kiritgan. Shu tariqa migrantning ish beruvchi bilan shartnoma tuzishi va faoliyat olib borishi nazorat qilinadi. Chet el fuqarolarining Rossiya hududida bo‘lishini nazorat qilish Ichki ishlar vazirligiga yuklatilgan.
Moskvadagi so‘nggi voqealardan keyin Qirg‘iziston ham Rossiyadagi fuqarolarini ogohlantirib, turli xil ig‘volarga berilmaslikka va ijtimoiy tarmoq orqali ish topmaslikka, bolalar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.
Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA.