Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xususan O‘zbekiston — Qozog‘iston davlatlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishi, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish masalalari O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va Qozog‘istonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov uchrashuvida muhokama qilindi.

Elchi B. Atamqulov O‘zbekistonda ommaviy sportni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani natijasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishilayotganini, eshkak eshish, shaxmat, xokkey, boks va yakkakurash sport turlari jadal rivojlanayotganini e’tirof etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasining Qozog‘istonda o‘tadigan Jahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ishtirok etishi masalasida so‘z yuritilib, sport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma sport tadbirlari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, ikki davlat jismoniy tarbiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalasida bir qator kelishuvlarga erishildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA