Ayni kunlarda Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi tomonidan MDH mamlakatlari Davlat boshqaruvi akademiyalari forumi va “Boshqaruv tizimida shaxsning roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda. Mazkur konferensiyada MDH mamlakatlari Davlat boshqaruvi akademiyalari rektorlari hamda davlat boshqaruvi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yetuk olimlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori A.Bekmurodov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda. Yurtimiz delegatsiyasi tomonidan davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda davlat xizmatchilari malakasini oshirish kabi masalalar muhokama etilmoqda. Tadbirlar doirasida zamonaviy rahbarda liderlik, o‘zini boshqarish, self-menejment, konflikt-menejment, nizolarni boshqarish, g‘oyalar generatsiyasi, insonlarni tinglay olish hamda maqsadni to‘g‘ri shakllantirish kabi xislatlar bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Forumni o‘tkazishdan maqsad Davlat boshqaruvi akademiyalari o‘rtasida davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlashda qo‘shma loyihalar va ilmiy tadqiqotlar olib borishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi o‘rtasida uzoq yillar davomida o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalari rivojlanib bormoqda. Jumladan, o‘tgan 2023-yilda rossiyalik 55 nafar davlat xizmatchilari yurtimizda bo‘lib, Davlat boshqaruvi akademiyasida stajirovka o‘tadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA