“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorovaning ma’lum qilishicha, 2024-yilda umumiy qiymati 1 milliard 74 million dollarlik 80 ta yirik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati loyihasi amalga oshiriladi. Bunday imkoniyat esa nafaqat hududlarda aholi bandligini ta’minlash, balki ushbu loyihalar orqali chekka hududlarga investitsiyalar, yangi bilimlar va texnologiyalar kirib kelishiga zamin yaratadi.

–Bugungi kunda mamlakatimizda 8 mingdan ortiq to‘qimachilik korxonasi  faoliyat ko‘rsatmoqda, – dedi Sh.Qo‘chqorova. – Bu esa respublikamiz hududlaridagi aholi va yoshlarning ish bilan ta’minlanishida qo‘l keldi. Shu bilan birga, ushbu korxonalar to‘qimachilik sanoatining ravnaqida muhim rol o‘ynaydi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 2023-yilda umumiy qiymati 730,3 million dollarga teng 78 ta yirik loyiha amalga oshirildi. Natijada 23 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil qilinib, 265,7 million dollar eksport salohiyati yaratildi. Ahamiyatlisi,  60 tadan ortiq korxona tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ularda  32,5 ming tonna trikotaj mato, 62,4 million kvadrat metr ip-gazlama va 120,3 million dona tikuv-trikotaj, 14 million juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish yangi quvvatlari yaratildi.

Joriy yilgi loyihalar natijasida  22 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi. 388,8 million dollar qo‘shimcha eksport salohiyati yaratiladi. Bunda xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokida 534,3 million dollarlik 47 loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Kuni kecha Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan 3 ta yirik loyiha ham shular jumlasidandir.

Ushbu loyihalarni viloyatlar kesimida aytadigan bo‘lsak, 16 ta Andijon viloyatida, 16 ta Farg‘ona viloyatida, 9 ta Toshkent viloyatida, 8 ta  Namangan viloyatida, 5 ta Buxoro viloyatida, 4 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasida tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA