Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Transport vazirligi xuzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

Transport nazorati inspeksiyasining maqomi va faoliyatini tashkil etish asoslari, vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda javobgarligi belgilandi. Avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Sattorov bilan suhbatimiz shular xususida bo‘ldi.

– Inspeksiyaning vakolatlari kengayishi qanday natijalar beradi?  

– Inspeksiya avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini ta’minlash yuzasidan o‘z vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi, – deydi Avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Sattorov. – Respublika hududida Avtomobil tashuvlari sohasida amaldagi qonunchilik talablari asosida faoliyat yuritilishi ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi.

– Inspeksiya xodimlari tomonidan yo‘l harakati ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatda qonuniylik ta’minlanishi va nazorat qilinishi qay tartibda amalga oshiriladi?  

– Hozirgi kunda inspektorlar ma’muriy bayonnomalarni elektron rasmiylashtirish uchun planshetlar bilan ta’minlangan va ushbu orqali munosabatlar qonuniyligi ta’minlanadi.

– Inspeksiya xodimlarining huquqiy madaniyati va kasbiy mahoratini oshirish yuzasidan qanday ishlar amalga oshirildi?  

– Xodimlarning bilim va malakasi muntazam ravishda malaka oshirish kurslarida oshirib borilmoqda. Jumladan, xalqaro tajribani sohada tatbiq etish maqsadida Rossiya Federatsiyasining vakolatli transport nazorati organi bilan tajriba almashildi va anglashuv memorandumi imzolandi. Joriy yilda ham mazkur memorandum doirasida, shuningdek inspeksiya xodimlarining xalqaro tajribalarini oshirish maqsadida xorijiy davlatlarda malaka oshirish rejalashtirilgan.

– Yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashiyotgan haydovchilarni aniqlashda yangiliklar bormi?  

– Inspeksiya xodimlari zamonaviy axborot elektron qurilmalari bilan ta’minlanadi. Xususan, davlat inspektorlari 150 ta planshet va 251 ta bodi kamera qurilmalari bilan jihozlanadi, ular uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Shu orqali, inspeksiya xodimlarining ish samaradorligi oshiriladi. Reyd nazorati tadbirlari davomida hujjatlarni rasmiylashtirishda qog‘ozbozlikdan voz kechiladi. Reyd tadbirlarida xodimlar ish faoliyati masofadan nazorat qilinadi. Vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy korrupsiyaviy holatlar oldi olinadi.

–Litsenziya talablarini bajarish holatlarini tekshirish qanday tartibda amalga oshiriladi?  

– Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda tadbirkorlik subyektiga borib tekshiriladi. Yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha reyd tadbirlari, statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun to‘xtatish, statsionar va mobil postlarda reyd tadbirlari jarayonida tekshirish uchun transport vositasini to‘xtatishda maxsus chiroq-mayoqcha, ovoz kuchaytirgich moslama, qo‘l yoki jezl ishoralaridan foydalaniladi. Nazorat tadbirlari davomida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar bilan suhbat olib boriladi.

– Yo‘lovchilarga tashish xizmatini litsenziyasiz ko‘rsatayotgan haydovchilarga qoidabuzarlik holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga inspeksiya xodimi vakolatlimi?  

– Ha, albatta vakolatli. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari avtomobilda yuk hamda yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, ichki suv va shahar elektr transporti hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzadi, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi va ma’muriy jazo choralarini qo‘llaydi.

– Inspeksiya xodimlari avtotransport vositalarini mustaqil ravishda to‘xtatib hujjatlarini tekshirishi mumkinmi?  

–Avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslamalar yordamida aniqlanganda, inspeksiya xodimlari avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha reyd tadbirlari, statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun to‘xtatish vakolatiga ega. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ayni vaqtda inspeksiya xodimlarining maxsus formalari bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA