Yurtimizda ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarini zamonaviy texnologiyalardan teng va keng foydalanishini ta’minlash, yagona axborot muhitiga birlashtirish, raqamli tafovutni bartaraf etish va shu orqali ta’lim sifatini oshirib, o‘quvchilarning yutuqlarni qayd etish tizimini takomillashtirish jadal kechmoqda. Misol uchun, mamlakatimiz umumta’lim maktablarida “Kundalik.com” tizimidan foydalanilayotganiga ham ancha bo‘ldi. Bugun ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar ham mazkur tizimga ancha moslashib qolgan.

Bu o‘qituvchilar ishini osonlashtirib, tejalgan vaqtini o‘z kasbiy faoliyatini rivojlantirish yoki o‘quvchilar bilan qo‘shimcha ishlashga imkon yaratadi.

Endi o‘quvchilar “kundaligim uyda qolibdi”, deb bahona qilolmaydi, o‘qituvchilar esa kundalikka o‘quvchining daftari yo‘qligi, bahosi pasayib borayotgani haqida ogohlantirish xati yozmaydi. Farzandining bahosi ota-onani qoniqtirmasa, ularning o‘zi o‘qituvchi bilan bog‘lanadi. Bu avvalo o‘zaro mas’uliyatni oshirishga xizmat qilmoqda. Endi «Kundalik» tizimi o‘quvchilar va ota-onalar uchun tun-u-kun baholar va uy vazifalari bilan tanishish imkoniyatini berib, bolalarning qayerdaligi, o‘zlashtirish reytingi va aloqa uchun xavfsiz tarmoq hamda boshqa funksiyalarni ham taklif etmoqda.

eMaktab.uz – o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalar uchun raqamli ta’lim platforma bo‘lib, tizim pedagoglarga onlayn rejimda avtomatlashtirilgan tartibda dars jadvallar, rejalar tuzish, jurnal va kundalikning elektron shakllarida darslarga qatnashishni kuzatish hamda o‘zlashtirishini hisoblash imkonini beradi. Shuningdek, bu orqali ta’lim tashkiloti va ta’lim organlari uchun statistik hisobotlarni shakllantirish ham mumkin.

Ushbu raqamli o‘quv platformasi elektron kundalik va jurnalning barcha imkoniyatlaridan foydalanish uchun qulay. Maktab o‘quvchilariga o‘quv materiallarini qo‘shimcha ravishda o‘rganish, turli fanlar bo‘yicha onlayn mashqlarni bajarish hamda bilim va ta’lim darajasini oshirishga yordam beradi.

 

M.MADAMINOVA, O‘zA