Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida «Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood-2024» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zA muxbiri ko‘rgazma jarayonlari bilan tanishib, ishtirokchilardan intervyu oldi.

Sara Sao, Xitoydagi «Shanghai easireal technologies co.ltd” kompaniyasi savdo menejeri: 

– Biz O‘zbekistonga imkoniyat izlab keldik. Maqsadimiz «Shanghai easireal technologies co.ltd” kompaniyamiz faoliyatini yanada kengaytirishdir. Ya’ni, yurtingizdan ham hamkorlar topib, birga ishlash niyatidamiz.

«Shanghai easireal technologies co.ltd” kompaniyasi 2011-yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. Kompaniyamizda asosan meva va sabzavotlar tayyorlaydigan uskunalar ishlab chiqariladi. Maqsadimiz har jihatdan sifatli va foydali mahsulotlarni yetkazib berishdir. Muhimi, bizning juda ahil va mehnatkash jamoamiz bor. Bugungi kunda kompaniya juda ko‘plab davlatlarga mahsulotlarini eksport qilgan.

Ta’kidlaganimdek, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shu maqsadda biz mamlakatingizda o‘tkazilayotgan «UzFood-2024» xalqaro ko‘rgazmasida qatnashayapmiz. Ishtirokchilar orasida mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirilmoqda. Bundan biz juda xursandmiz.

Fursatdan foydalanib, ko‘rgazma tashkilotchilariga o‘z tashakkurimni aytaman. Negaki, bu yerda ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Muloqot va muzokaralar olib borish uchun alohida joylar tashkil etilgan.

Madina Muhammadiyeva, Toshkentdagi «Equip» kompaniyasi vakili: 

– «UzFood-2024» xalqaro ko‘rgazmasining doimiy ishtirokchilaridanmiz. Shu sababli, ko‘plab mahalliy va xorijlik kompaniyalar faoliyatini yaxshi bilamiz.

Aytish joizki, Equip.Uz – O‘zbekiston bozori uchun oziq-ovqat uskunalari ishlab chiqaruvchilar va oziq-ovqat ingrediyentlarini yetkazib beruvchilarni birlashtirgan noyob platforma va axborot manbaidir. 10-yildan ortiq vaqt davomida biz yiliga 1 million maqsadli foydalanuvchiga ega internet-resursni yaratdik. Undan ushbu soha vakillari o‘z bizneslari uchun zarur ma’lumotlarni tezda topish va almashish mumkin.

Shuningdek, portalimizda foydalanuvchilarimiz uchun 4000 ta yetkazib beruvchi va ishlab chiqaruvchilar, 12 000 ming dona uskunadan iborat zamonaviy ma’lumotlar bazasi mavjud.

Uskunalar katalogi Equip.Uz portalining asosiy bo‘limlaridan biridir. Katalog tematik bo‘limlarga bo‘lingan bo‘lib, sanoat uskunalarining bunday batafsil katalogi O‘zbekistonda yagona desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Equip.Uz portali ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi masofani qisqartiradigan va biznes sohalarining har ikki tomoni – B2B va B2C uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik yuzaga keladigan platformadir. Korxonalar va tashkilotlar o‘zlarining geografik joylashuvidan qat’i nazar, biznes hamkori, optimal yetkazib beruvchi yoki xaridorni tanlashda ajoyib imkoniyatga ega. Foydalanuvchi istalgan vaqtda portalimizga kirib, kerakli ma’lumotlarni bilib, o‘zi va mahsuloti haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, bu gal «UzFood-2024» xalqaro ko‘rgazmasida ham o‘zimizning, ham Yevropa davlatlari kompaniyalarining mahsulotlarini taqdim etayapmiz. Ayni paytda ishtirokchilar bilan muzokaralarimiz qizg‘in pallaga kirdi. Bu biz uchun kutilayotgan yaxshi natijadir.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.