O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, tashuvchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, yo‘lkira haqi bo‘yicha tushumlarni jamlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalarida yuridik shaxs tashkil etmasdan ochilgan maxsus jamg‘armalar Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari tizimiga o‘tkaziladi.

Yo‘lkira tushumlarining to‘liq yig‘ilishini tahlil qilish, yo‘lovchi tashishni moliyalashtirishning shaffofligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya boshqarmalari huzurida davlat muassasasi shaklida “Maxsus jamg‘armalar mablag‘larini boshqarish, yo‘nalishlar ishini tahlil qilish va pul tushumlari monitoringi guruhlari” tashkil etiladi.

2024-yil 1-iyunga qadar jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etiladi.

2024-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri muntazam avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilar hisobini yuritish, haydovchilar ishini va pul tushumlarini nazorat qilish, avtobuslar texnik holatini monitoring qilish, ajratilgan yo‘laklarda yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish bo‘yicha jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi.

Prezident qarori bilan Nukus shahar va boshqa viloyatlar markazlarida muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etishning asosiy parametrlari ham tasdiqlandi.

O‘zA