Keyingi oy – aprelda Italiyaning ikki shahri – Florensiya va Venetsiyada “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasi ish boshlaydi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mazkur loyiha orqali Italiya va umuman jahon jamoatchiligiga XX asr birinchi yarmi san’ati tarixining muhim, ammo bir qadar ma’lum bo‘lmagan bobini taqdim etadi. Ko‘rgazma ikki bo‘limga ajratilgan holda ikki maskan – Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti ko‘rgazma maydonida “Shakl va ramz”, Florensiyaning Pitti saroyida esa “Nur va rang” nomi ostida o‘tkaziladi.

Ka-Foskari universiteti huzuridagi Rus san’ati tadqiqoti markazi vakillari Silviya Burini va Juzeppe Barberi kuratorlik qiladigan ko‘rgazmalarda XX asr birinchi yarmida yaratilgan 172 rang-tasvir asari va surat, shuningdek Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanayotgan milliy bezak va amaliy san’at buyumlari namoyish etiladi.

Jamg‘armadan ma’lum qilishlaricha, mazkur taqdimot yurtimizni XX asr san’atining ikki eng zalvorli muzeyi sara to‘plamlari o‘rtasidagi bog‘liqlikka urg‘u beruvchi yuqori darajadagi ilk loyihadir.

“O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining “Nur va rang” taqdimoti 2024-yil 16-apreldan 30-iyungacha davom etadi. “Shakl va ramz” loyihasi esa 17-apreldan 29-sentyabrga qadar ko‘rgazma maydonida muxlislarni chorlaydi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA