AQSH Kongressi Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tashrif buyurdi.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston-AQSH hamkorligining keng doirasi, xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi, davlat boshqaruvi shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, xususiy mulk va xorijiy investorlarni himoya qilish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSH Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan «O‘zbekiston bo‘yicha Kokus» (do‘stlik guruhi)ning o‘rni va faoliyati samaradorligi ta’kidlab o‘tildi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 yetakchi kompaniya kiradigan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qo‘shayotgani aytildi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan birga, mehnat munosabatlari yo‘nalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.

Tomonlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga tayyor ekanligini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA