Erdog‘an – Bayden uchrashuvi 9-mayda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hukumatga yaqin taniqli jurnalist Xande Firat ma’lumotiga ko‘ra, Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an may oyida rasmiy tashrif bilan Vashingtonga boradi.
Ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuv kuni xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar Jeyk Sallivan va Akif Chag‘atoy Qilich o‘rtasida kechgan muzokarada belgilab olingan, deb yozdi “Hürriyet” gazetasi.
***
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Bokuga 4 ta qishloq qaytarilishi kerakligini ma’lum qildi. O‘tgan juma kuni u hukmron “Fuqarolik kelishuvi” partiyasi deputatlari bilan parlamentda yopiq tartibda uchrashuv o‘tkazgan.
Kengaytirilgan tartibda tashkil etilgan yig‘ilishda hukumatning barcha a’zolari ishtirok etgan, deb yozdi mamlakatda nashr etiladigan “Hraparak” gazetasi.
Yaqin orada Armaniston qo‘shinlari Tavush viloyatidagi to‘rt qishloqdan olib chiqilishini aytgan Pashinyan “Qishloqlar egasiga qaytarilishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan.
***
Turkiya kuch ishlatar tizimlari mamlakatning 30 viloyatida ommaviy tekshiruv o‘tkazdi.
Natijada 147 kishi ISHIDga aloqasi borligi gumonlanib, hibsga olindi, dedi ichki ishlar vaziri Erliqoya.
***
RF Davlat dumasi deputati, “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan vizali tartib o‘rnatish taklifini ilgari surdi.
– Migratsiyani muvofiqlashtirish va terror xurujiga qarshi turish uchun shunday qilinmasa, chegarada tartib bo‘lmaydi, – deya ta’kidlagan mulozim.
***
XXR Yangi Zelandiya parlamenti serveriga kiber hujum uyushtirmagan, deya bayonot berdi Xitoyning Vellingtondagi elchisi.
Avvalroq Yangi Zelandiya hukumat aloqalari xavfsizlik xizmati (GSCB) XXR xakerlarini 2021-yil mamlakat parlamenti serveriga keng ko‘lamli kiber hujum uyushtirganlikda ayblagan edi.
Tashqi ishlar vaziri Uinston Piters bayonotida xorijdan turib aralashuvlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi eslatilib, Xitoy kelgusida bunday harakatdan tiyilishga chaqirilgan.
***
Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bu EI manfaatiga javob beradi, dedi Yevrodiplomatiya rahbari Jozep Borrel CNN telekanaliga bergan intervyusida.
– Gap nafaqat hotamtoylikda, gap Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda ham emas, bu ishni faqat ukrain xalqini sevganimizdan qilayotganimiz yo‘q, – degan u. – Ayni jarayonda, avvalo, o‘z manfaatimiz o‘rtaga chiqqan. Bu global o‘yinchi sifatida AQSH manfaati uchun ham zarur.
***
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroga suiqasd qilishni rejalashtirganlar Karakasda davlat rahbari qatnashayotgan tadbirda qo‘lga olindi.
– Bugun bu yerda menga hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan ikki qurollangan kimsa qo‘lga olindi, – dedi Maduro Diyego Ibarra maydonidagi mitingda. – Ular o‘ng partiya – “Vente Venezuela” a’zolari ekan.
***
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Qonuniy BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida qabul qilgan rezolyutsiyani ijobiy qadam, lekin yetarlicha emas, deya baholadi.
Qonuniy ta’kidlashicha, hujjatni qabul qilishdan ko‘ra, “hayotga joriy qilish uchun samarali chora ko‘rish, Isroil amalga oshirayotgan hujumni to‘liq va barqaror to‘xtatish, qamalni butunlay bekor qilish, gumanitar yuklarni yetkazish hamda G‘azo infratuzilmasini qayta tiklash uchun xalqaro moliyalashtirish yo‘laklarini ochish” muhimroq.
***
Jozep Borrel CNN telekanali efirida chiqish qilib, EIga a’zo 27 mamlakat qurolli kuchlarini qayta shakllantirib, umumiy armiya tashkil etish amalga oshirib bo‘lmaydigan g‘oya, dedi.
– Yagona armiya yaratish uchun 27 mustaqil armiyadan voz kechish xayolparastlikdan boshqa narsa emas, – dedi u.
Yanvar oyida Italiya Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari, mamlakat tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani EI tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun yagona Qurolli Kuchlarini tashkil etishi kerak, degan edi.
***
“Krokus Siti Xoll”ga hujumni radikal islomchilar uyushtirgan, biroq Moskvani buyurtmachi kimligi qiziqtiradi, dedi RF Prezidenti Vladimir Putin teraktdan keyin qabul qilingan chora-tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda.
– Jinoyat radikal islomchilar qo‘li bilan amalga oshirilganini bilamiz, – dedi u. – Bu mafkuraga qarshi, hatto, musulmon dunyosining o‘zi ham uzoq vaqtdan buyon kurashib kelmoqda. Bizni esa kim buyurtma bergani qiziqtiradi.
***
Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan Ramazon oyida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida qabul qilingan rezolyutsiya albatta ijro etilishi kerak, deb bayonot berdi BMT Bosh kotibi rasmiy vakili Farxon Haq.
– BMT XKning har qanday rezolyutsiyasi mazmuni xalqaro huquq bilan bog‘liq hisoblanadi, – deya ta’kidladi u. – Mazkur rezolyutsiya ham xalqaro huquq kuchiga ega barcha hujjatlar kabi ijro etilishi shart.
S.Rahimov, O‘zA