O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirgan edi.

Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong va O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘rtasida PIning 150-yubiley assambleyasini 2025-yil O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonning faol va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimiz jahon siyosatining markazlaridan biriga va global tashabbuslar muallifiga aylanmoqda.

Bu jarayonda mamlakat parlamenti ham faol ishtirok etayotir. Xususan, yirik xalqaro parlament tuzilmalarining to‘laqonli a’zosi sifatida nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilib, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.

PI bilan hamkorlikda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida PIga a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Jahondagi 180 mamlakat parlamentini birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma o‘zining yuqori organi assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazadi.

Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, O‘zbekistonda o‘tkazilishi esa Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini tasdiqlaydi.

PIning navbatdagi assambleyasida parlamentlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Assambleya 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, BRMga erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini ko‘rib chiqishda muhim platforma bo‘ladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA