O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahrida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent shahrida joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Kompaniya tomonidan eng yaxshi taklifni tanlash yo‘li bilan jalb etilgan baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan bahoda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan elektron auksion savdolariga chiqariladi, mazkur qarorda belgilangan hollar hamda Yangi Toshkent shahri hududidagi yer uchastkalarini sotish bundan mustasno.

Toshkent shahri hokimligi Toshkent shahri tumanlari bilan birgalikda qarorda keltirilgan yer uchastkalari bo‘yicha:

2024-yil 1-aprelga qadar master-rejalar ishlab chiqilishini;

2024-yil 15-aprelga qadar “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tegishli tashkilotlar bilan kelishilishini;

2024-yil 1-mayga qadar baholash ishlarini yakunlab, yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlaydi.

Qaror bilan Toshkent shahrida joriy etilgan huquqiy eksperiment doirasida:

Yer uchastkalari negizida “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini shaharsozlik faoliyati obyektini qurish yoki rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha to‘lov qiymatiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Toshkent shahrida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom, shuningdek, 2024-2025-yillarda Toshkent shahrida soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

 

O‘zA