Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2023-yilda bajarilgan ishlarga oid anjuman o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, 2023-yil davomida «Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali», «Toshkent-2023» II xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi, IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi o‘tkazildi. Ilk bor Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga a’zo mamlakatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, shu bilan birga Vengriya rassomlarining xalqaro «Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi» ijodiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

«Turkiy xalqlar nafis san’ati (tasviriy san’ati) akademiyasi»ni tashkil etish bo‘yicha I xalqaro yig‘ilish yuksak saviyada o‘tkazildi.

Yilning eng muhim voqealaridan biri – mamlakatimizda ilk bora O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda «Art Gallery» auksion uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Auksion uyining asosiy maqsadi – xorijdagi nufuzli auksion uylari bilan hamkorlik qilish va xalqaro art-yarmarkalarni tashkil etish, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini xorijda targ‘ib etishdan iborat.

2023-yilning may oyida O‘zbekiston tarixida ilk bora tasviriy san’at asarlari auksioni muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’at asarlaridan iborat 48 sahifali «Mohir ijodkorlarning ijodiy merosidan O‘zbekiston tasviriy san’ati» nomli katalog chop etildi.

O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo rassomlarimiz 2023-yilda Belgiya, Vengriya, Polsha, Gollandiya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarbayjon, Hindiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Xitoy Xalq Respublikasida ijodiy safarda bo‘lib, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etdi.

Badiiy akademiya tasarrufidagi ko‘rgazma zallarida esa 2023-yilda Fransiya, Chexiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon tasviriy san’at vakillari ko‘rgazmalari tashkil qilindi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga 9 nafar haqiqiy a’zo tasdiqlandi. Shu bilan birga Qozog‘istonning atoqli rassomi, «Qozog‘iston Respublikasi Badiiy akademiyasi» jamoat fondi prezidenti Amandos Akanayev O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy a’zosi etib tayinlandi.

Haykaltaroshlik yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

 

N.Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA