O‘zbekiston Senati raisi mazkur nufuzli anjumanda jahon mamlakatlari parlamentlarini inson omilining sayyoramizga salbiy ta’sirini imkon qadar kamaytirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Jeneva shahrida Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda parlament faoliyatini kuchaytirish” mavzusidagi uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Dunyo parlamentlari va xalqaro tuzilmalardan 53 delegatsiya hozir bo‘lgan anjumanda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan qator strategiya va yondashuvlar muhokama qilindi.

Anjumanda iqlim o‘zgarishi jamoaviy harakatlarni talab qiladigan zamonamizning global muammolaridan biri bo‘lib qolayotgani, bugun qabul qilinadigan qarorlar kelajak avlodlarga uzoq muddat ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tildi.

Issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, aholining xabardorlik darajasini oshirish, barqaror ekologik siyosat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan namunaviy qonunlarni ishlab chiqish bo‘yicha parlamentlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Konferensiyada nutq so‘zlagan O‘zbekiston Senati raisi   Tanzila Norboyeva jahon mamlakatlari parlamentlari inson omilining sayyoramizga salbiy ta’sirini imkon qadar kamaytirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi zarurligini ta’kidladi.

Ekologik muammolarni hal qilishda parlamentlardan talab etiladigan zarur jihatlar sanab o‘tildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasiga doir qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, global o‘rtacha haroratning o‘sishini Selsiy bo‘yicha 2 darajadan past darajada ushlab turishga erishish va Parij bitimini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidandir.

T.Norboyeva ishtirokchilar e’tiborini “yashil” texnologiyalar va tegishli infratuzilmaga investitsiyalar kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligiga qaratdi.

Konferensiyada Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘i Byurosi va doimiy komissiyalarini shakllantirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarga Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘i huzurida kuzatuvchi maqomi berish to‘g‘risidagi tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi va qarorlar qabul qilindi.

Tadbir yakunida ko‘rib chiqilgan masalalarni  sarhisob qilgan holda Jeneva deklaratsiyasi qabul qilindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA