Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘z ishini boshlagan “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood-2024” xalqaro ko‘rgazmasining birinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu namoyishda 26 mamlakatdan 370 dan ortiq kompaniya tomonidan oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati, qadoqlash va saqlash uchun eng yangi uskunalar va texnologiyalar, oziq-ovqat va ichimliklarning keng assortimenti taqdim etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat dasturlari ijrosini ta’minlashdir. Ya’ni, bu aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq.

– Biz Toshkentda “Mevali choy” brendi asosida choy ishlab chiqaramiz. Shu sababli, bugungi ko‘rgazma jarayonlari bilan  tanishish biz uchun juda foydali. Bu gal Xitoy kompaniyalaridan aksariyati choy mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Biz uchun bu ayni muddao bo‘ldi. Chunki shu yo‘nalishda imkoniyatlarimizni kengaytirish niyatidamiz. Ko‘plab kompaniya vakillari bilan muloqot qildik. Muzokaralar olib bordik. Endi natijalariga qarab, hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz, –dedi Mahmud Zufarov.

Qayd etish kerakki, ushbu namoyishda Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Avstriya, Shri-Lanka  kabi davlatlar kompaniyalari jamoaviy tarzda qatnashadi. Bunda Xitoy va Turkiya kompaniyalarining keng ishtirokini ta’kidlab o‘tish lozim.

Xitoydagi “Sichuan Baiyue Tea Industry Co., Ltd.” kompaniyasining bosh direktori o‘rinbosari Xuye Yining qayd etishicha, ko‘rgazmada ishtirok etish o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishlash imkoniyatini yaratadi.

– Kompaniyamiz o‘zining keng ko‘lamli faoliyati bilan ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rniga ega. Biz choy yetishtiramiz va uni qadoqlab, xaridorlarga yetkazib beramiz. Biz ishlab chiqarayotgan 708 va 707 qadoq raqamli choylarimiz dunyoda mashhur. Yurtingizda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmadan umidimiz katta, – dedi Xuye Yi.

Ko‘rgazma 28-mart kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA