Sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda

235

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Hozirgi paytda 70 dan ortiq davlat Gaaga bitimining Jeneva akti ishtirokchisi hisoblanadi, – dedi deputat O‘ktam Islomov. – Gaaga tizimi bo‘yicha sanoat namunasi muhofazasi u ro‘yxatga olingan mamlakat qonunchiligiga mos ravishda, lekin xalqaro ro‘yxatga olingan sanadan e’tiboran 5-yildan kam bo‘lmagan muddat uchun belgilanadi. Gaaga bitimi o‘z mahsulotini, eng avvalo, xorijiy bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan subyektlarga sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning hozirgacha mavjud bo‘lgan milliy tizimlariga nisbatan yanada qulayroq tartib-taomillarini taqdim etadi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladi. Xalqaro imijimiz yuksalishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonning Gaaga bitimi Jeneva aktiga qo‘shilishi tadbirkorlik subyektlarimizning sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bitta talabnoma bilan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Jeneva xalqaro byurosiga topshirish orqali unga a’zo bo‘lgan 73 ta davlatning xohlaganiga huquqni olish va saqlab turish imkoniyatini yaratadi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA