Nyu-York sudi Tramp, uning o‘g‘illari va biznes hamkorlarini Mayamida golf kurorti hamda Vashington va Chikagoda mehmonxonalar qurish uchun kredit olish maqsadida o‘n yil davomida aktivlari qiymatini 812 million dollardan 2,2 milliard dollargacha oshirganlikda ayblagan. Fevral oyida Trampga “Trump Organization” kompaniyasi aktivini soxta baholash aybi qo‘yildi va qariyb 355 million dollar jarima soldi. Keyinchalik jarimaning umumiy miqdori foizi bilan 454 million dollarga ko‘tarildi. Bundan tashqari respublikachi sobiq prezidentga uch yil davomida “Nyu-York shtatida korporatsiya xodimi yoki direktori bo‘lib ishlash, moliya muassasasidan kredit olish taqiqlandi.
Tramp aytishicha, raqiblari uni saylov oldi kampaniyasi uchun mo‘ljallangan mablag‘dan mahrum qilishga harakat qilmoqda.
Donald Tramp sud qarori ustidan shikoyat qiladi, albatta. Buning uchun yarim milliard dollarga yaqin garov puli to‘lashi kerak. Demak, u o‘ziga qadrli bo‘lgan aktivlarini sotishga majbur bo‘lmoqda.
– Hech qanday jarima bo‘lmasligi kerak, men noto‘g‘ri ish qilmaganman, – deb yozdi Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida. – Nega men aktivimni sotishga majbur bo‘lyapman, chunki Nyu-Yorkning korrupsiyaga botgan sudyasi va bosh prokurori o‘zlari o‘ylab topgan va kulgili raqamni belgiladi.
“Pulini olib qo‘ying, shunda u siyosiy raqibi – o‘g‘ri Jo Baydenni yengish uchun mablag‘idan foydalana olmaydi.”
– Bu fikr saylovga aralashuvni anglatadi, – qo‘shimcha qildi Tramp.
Sobiq prezident himoyachilari avvalroq aktivlar qiymati oshirib yuborilgan qaror ustidan dushanbagacha shikoyat qilish uchun 464 million dollar garov puli topa olmaganini tan oldi. Muammo hal etilmasa, Tramp o‘zi qadrlaydigan va faxrlanib yuradigan ko‘chmas mulklarini sotishga majbur bo‘ladi yoki prokuraturaning o‘zi garov puliga teng jarimani to‘lattirib olish uchun uning aktivlarini hibsga olishni boshlaydi.
S.Rahimov,
O‘zA