Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Ramazon oyida G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi.

Hujjatni 14 davlat yoqladi, faqat AQSH betaraf qoldi. Uzoq davom etgan muzokaradan so‘ng “doimiy o‘t ochishni to‘xtatish” iborasi kelishib olindi. Oxirgi daqiqada Qo‘shma Shtatlar delegatsiyasi matndagi “doimiy” so‘zini “noaniq” so‘zi bilan almashtirishni so‘radi. Taxminga ko‘ra, AQSH shu yo‘l bilan o‘t ochishni to‘xtatish jarayoniga moslashuvchanlikni ifodalagan. Rossiya tomonidan taklif qilingan, ovoz berishdan oldin matnni asl shakliga o‘zgartirgan tuzatishga Qo‘shma Shtatlar veto qo‘ydi. Shu tariqa o‘tgan yil 7-oktyabrdan buyon Kengash ilk bor rasman G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish talabini qo‘ydi.

Ramazondagi sulh doimiy tus olishi kerak

Rezolyutsiyada BMT XK Falastin masalasida shu paytgacha qabul qilgan hujjatlar eslatilib, barcha tomonlar xalqaro gumanitar va inson huquqi qoidasiga rioya qilishi shartligi ta’kidlangan. Begunoh aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujum, har qanday terror harakati qoralangan, asirga olish xalqaro huquq me’yori buzilishi ekani qayd etilgan.

G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar vaziyatdan chuqur xavotir bildirilgan, Misr, Qatar va Qo‘shma Shtatlar tomonidan olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakat yuqori baholangan.

“Ramazon oyida zudlik bilan barcha tomonlar tomonidan hurmat qilinadigan, muntazamlik va barqarorlik kasb etadigan o‘t ochishni to‘xtatishga, shuningdek barcha garovga olinganlarni darhol va so‘zsiz ozod qilishga” chaqirilib, insonparvarlik va tibbiy yordamdan foydalanish ta’minlanishi talab qilingan.

Ushbu hujjat tomonlarni asirga olinganlarga nisbatan xalqaro huquq doirasidagi majburiyatni qat’iy bajarishga chaqiradi.

Rezolyutsiyada G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazib berishni zudlik bilan amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan, oddiy aholi himoyasi yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash, ularga zarur insonparvarlik yordami ko‘rsatish talab etilgan. Vaziyat yaqindan kuzatilishi ta’kidlangan.

AQSH rezolyutsiyasi loyihasi

20-fevral kuni taqdim etilgan AQSH rezolyutsiyasi loyihasi 22-mart kuni ovozga qo‘yildi. Xitoy va Rossiya rad etgan loyiha muzokara uchun ochildi. Matnda G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish sektorda garovga olinganlarni ozod qilish bilan bog‘langan, diplomatiyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan.

Diplomatik sa’y-harakat orqali erishilishi kerak bo‘lgan sulhni barqaror o‘t ochishni to‘xtatishga aylantirish muhimligi ta’kidlanib, “XAMAS va boshqa terrorchi, ekstremistik guruhlar Falastin xalqini ifodalamaydi”, XAMAS ba’zi a’zo davlatlar tomonidan “terror tashkiloti sifatida tan olingan” deyiladi.

M.Pirmatova, O‘zA