92 nafar milliarderi bor Hindistonning Mumbay shahri Osiyoning yangi “boy poytaxti”ga aylandi.
“Nikkei Asia” axborot agentligi Shanxayda joylashgan Xurun tadqiqot instituti ma’lumotiga tayanib e’lon qilgan hisobotda Mumbay Pekinni ortda qoldirib, sariq qit’adagi eng ko‘p milliarder yashaydigan shahar nomiga sazovor bo‘ldi.
Nashr Nyu-Yorkda 119, Londonda 97 nafar milliarder qayd etilganini ham keltirgan.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yil Mumbay iqtisodiyoti 7,5 foiz o‘sgan.
Mamlakatlar bo‘yicha qiyoslanganda, Xitoy 814 milliarder bilan ro‘yxatni boshqaryapti, Qo‘shma Shtatlar 800 nafar badavlat kishi bilan ikkinchi o‘rinda.
AQSH iqtisodiyotida sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari sohalari yetakchilik qilmoqda. Masalan, chip ishlab chiqaruvchi “Nvidia” bosh direktori Jensen Xuang 48 milliard dollar mablag‘i bilan boylar ro‘yxati sara 30 taligiga kirdi. “Google”, “Meta” va “Microsoft” egalarining boyligida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.
Darvoqe, amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftning boyligi 1,2 milliard dollar ko‘paygani ham e’tiborga molik.